Tadbir Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Jahon banki bilan birgalikda Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magida “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturi doirasida o‘tkazildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston ayollar va erkaklar huquqlarining tengligi ta’minlangan jamiyat barpo etish yo‘lida dadil odimlamoqda.
Birgina qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, ularning boshqaruv lavozimidagi ulushi 33 foizga, tadbirkorlikda 37 foizga, siyosiy partiyalarda
46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetgani amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy natijasidir.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi tadbir ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda 2021 yilda Parlament yuqori palatasi tomonidan tasdiqlangan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilayotganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tarixiy Qonun xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Mamlakat gender bahosi – bu Jahon bankining ma’lum bir mamlakatda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglik masalalarini tahlil qiladigan hujjatidir. U Bankning mamlakat hukumati bilan gender tengligi masalalari bo‘yicha hamkorligini yanada rivojlantirish uchun qo‘llaniladi.
Tadbirda Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistonda gender baholash doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha vaziyat tahliliga e’tibor qaratishni taklif qildilar. Xususan:
1) inson kapitalini rivojlantirish,
2) iqtisodiy to‘siqlar va imkoniyatlar,
3) ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlash;
4) gender tengligi masalalarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi.
Qizg‘in muhokamalarga hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari tomonidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi