Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Rasman

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida” 2022 yil 9 iyundagi 322-son qarori asosida 
joriy yilda mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega,  lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 12 563 nafar talabgorlar tavsiyanoma olish uchun murojaat qildi. 
Talabgorlarning arizalari tegishli Nizom talablariga muvofiq xotin-qizlar.uz  elektron platformasiga kiritildi. 
Tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan mazkur arizalar Nizom talablari asosida (o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi, tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi) o‘rganildi, bayonnomalar tegishli qarorlar bilan rasmiylashtirilib, elektron shaklda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etildi. 
Oila va xotin-qizlar qo‘mita tomonidan mazkur hujjatlar asosida qo‘mitaning 2023 yil 14 iyundagi tegishli buyrug‘i bilan 11 992 nafar talabgorlarga tavsiyanoma berildi, 558 nafar talabgorning arizasi rad etildi. 
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga muvofiq
Joriy yilda ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 50 668 nafar talabgor xotin-qizlardan arizalar xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali qabul qilindi. 
Tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan mazkur arizalar Nizom talablari asosida ko‘rib chiqilib, 38 702 nafar talabgorga tavsiyanoma berish hamda 11 668 nafar talabgorning arizasini rad etish to‘g‘risidagi bayonnomalar tegishli qarorlar bilan rasmiylashtirilib, elektron shaklda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etildi. 
Mazkur hujjatlar asosida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining  tegishli buyrug‘i bilan 38 702 nafar talabgorlarga tavsiyanoma berildi.
Qo‘mitaning har ikki buyruqlari xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali elektron shaklda tuman (shahar) ishchi guruhlariga talabgorlarni xabardor qilish uchun taqdim etildi. 
Shuningdek, talabgorlarning mobil telefon raqamiga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risidagi xabar yuborildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma olgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarni Bilim va malakalarni baholash agentligi bazasiga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati