Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

Olis va chekka hududlardagi mahallalarda ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida loyihalar tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

 

1. Umumiy qoidalar

 

    1.  Mazkur Nizom olis va chekka hududlardagi mahallalarda ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida loyihalar tanlovini (keyingi o‘rinlarda – tanlov deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish hamda tanlov g‘oliblariga Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grant mablag‘larini ajratish tartibini belgilaydi.
    2.  O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-376-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tanlov Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
    3.  Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar Qo‘mita va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent shahar va viloyatlar oila va xotin-qizlar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan amalga oshiriladi.
    4.  Tanlovda ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ektlari (tanlov ishtirokchilari) orasidan tanlov g‘oliblari tanlov komissiyasi tomonidan mazkur Nizomga muvofiq aniqlanadi.

 

2. Tanlov komissiyasi ishini tashkil etish

va komissiyaning vakolatlari

 

2.1. Tanlov ishtirokchilarining loyiha takliflari va tegishli hujjatlari loyihalar tanlovini o‘tkazish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – tanlov komissiyasi) tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi.

    1. Tanlov komissiyasi yig‘ilishi uning raisi tomonidan boshqariladi. Tanlov komissiyasi raisi bo‘lmagan taqdirda, yig‘ilish uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladi.
    2. Tanlov komissiyasi yig‘ilishi undagi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
    3. Tanlov komissiyasi raisi:

tanlov komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

rais o‘rinbosari va a’zolar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

tanlov komissiyasi majlislarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;

tanlov komissiyasining samarali va shaffof ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

    1. Tanlov komissiyasining huquqlari va vakolatlari:

tanlov ishtirokchilarining olis va chekka hududlardagi mahallalarda ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlaganlik yuzasidan faoliyatini o‘rganish va baholash;

tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim qilingan loyiha takliflarni va tegishli xujjatlarni ma’qullash yoki rad qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

majlis o‘tkazish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

tanlov ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar (hujjatlar) haqqoniyligi bo‘yicha vakolatli organlardan xulosa olish;

tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflarni o‘rganish uchun tegishli mutaxassislarni ekspert sifatida jalb qilish;

tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni o‘rganish davomida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni sir saqlanishini ta’minlash.

 

  1. Tanlovni o‘tkazish tartibi va tanlov ishtirokchilariga quyiladigan talablar

 

3.1. Tanlovni o‘tkazish quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

-tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi;

-qo‘mitaga va hududiy boshqarmalarga taqdim etilgan tanlov ishtirokchilarining hujjatlari qo‘mita va hududiy boshqarmalar tomonidan umumlashtirilgan holda tanlov komissiyasiga taqdim etiladi;

-tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar mazkur Nizomda belgilangan mezonlar bo‘yicha tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi hamda baholash natijalariga ko‘ra g‘oliblar aniqlanadi;

-tanlov g‘oliblari OAV larida e’lon qilinadi.

3.2. Tanlov ishtirokchilari soni cheklanmagan bo‘lib, olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan respublikada faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishi mumkin.

Tanlovni o‘tkazish va tanlov natijalarini e’lon qilish muddatlariga qo‘mita tomonidan o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida qo‘mitaning rasmiy veb-sayti, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa OAV larida e’lon qilinadi.

3.3. Tanlovda ishtirok etish uchun tanlov ishtirokchilari quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

-mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan shakl bo‘yicha grant tanlovida ishtirok etish uchun ariza(buyurtmanoma). Arizada qo‘yidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart:

-loyiha ishtirokchisi haqida to‘liq ma’lumotlar bunda kasanachilik sohasidagi tajribasi, erishgan yutuqlari, ilgari grant loyihalarda va dasturlardagi ishtiroki, mavjud moddiy-texnika bazasi xaqidagi ma’lumotlar;

-loyiha mazmuni, 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlashda qamrab olingan hudud (olis va chekka hududlardagi mahalla nomi) nomlari va ish bilan ta’minlangan aholi qatlami to‘g‘risida ma’lumotlar;

-Davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma nushasi;

-tadbirkorlik sub’ekti rahbarining pasport nusxasi;

-kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar (mehnat shartnomasi, soliq idoralari orqali tasdiqlangan reestr);

-ish bilan ta’minlangan kasanachi xotin-qizlarga to‘lanayotgan o‘rtacha ish haqi miqdorlari to‘g‘risida tasdiqlangan ma’lumot;

-grant mablag‘idan kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun foydalanish bo‘yicha loyihaning maqsadliligi va samaradorligi, loyihada tadbirkorlik sub’ektining ulushi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

-oxirgi moliya yilidagi buxgalteriya balansi (F-1) va moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (F-2);

-tanlov ishtirokchisi tashabbusi bilan boshqa tegishli hujjatlar (erishgan qo‘shimcha ijobiy ko‘rsatkichlari va shu kabilar) ham taqdim qilinishi mumkin.

3.4. Tanlovda ishtirok etish uchun tanlov ishtirokchilari pochta jo‘natmasi orqali yoki shaxsan tashrif buyurgan holda ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni hududiy boshqarmalarga taqdim qiladilar.

3.5. Tanlov ishtirokchilarining hujjatlari 2023-yil 20-iyuldan 2023-yil 20-avgust kuniga qadar qabul qilinadi. Ushbu kundan keyin kechiktirilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.

3.6. Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar umumlashtiriladi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.

 

  1. Tanlov natijalarini baholash.

 

4.1. Hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tanlovga taqdim etilgan loyiha hujjatlarini baholash natijalariga ko‘ra tanlov g‘oliblari aniqlanadi.

4.2. Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjatlari quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:

-Olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlaganligi-30 ballgacha;

-ish bilan ta’minlangan kasanachi xotin-qizlarga to‘lanayotgan o‘rtacha ish haqi miqdorining yuqoriligi-20 ballgacha;

-grant mablag‘idan kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun foydalanilishi, loyihaning samaradorlikka yo‘naltirilganligi, qo‘shimcha yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining soni-20 ballgacha;

-loyihada tadbirkorlik sub’ektining shaxsiy ulushi yuqoriligi -10 ballgacha;

-buxgalteriya balansi (F-1) va moliyaviy natija (F-2)larining yuqoriligi-10-ballgacha;

-tanlov ishtirokchisining kasanachilik sohasidagi ish tajribasi, erishgan yutuqlari va ilgari grant loyihalardagi ishtiroki-10 ballgacha;

4.3. Tanlov komissiyasining har bir a’zosi loyiha bo‘yicha baholash mezonlariga muvofiq baholash varaqasiga tegishli ballarni kiritadi.

Baholash varaqalaridagi ballar komissiya kotibi tomonidan hisoblab chiqilib, o‘rtacha ball chiqariladi va tanlov komissiyasi raisiga taqdim etiladi.

Hisoblangan ballarning to‘g‘ri va haqqoniyligi tanlov komissiyasi raisi tomonidan ko‘zdan kechiriladi hamda jamlangan ballar to‘g‘risidagi ma’lumot tanlov komissiyasi a’zolariga e’lon qilinadi.

4.4. Tanlov natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball olgan tanlov ishtirokchilari tanlov g‘olibi deb topiladi.

4.5. Tanlov natijalarini baholash va g‘olibni aniqlash bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma tanlovni baholashda qatnashgan tanlov komissiyasi har bir a’zolari tomonidan imzolanadi.

Tanlov komissiyasi yig‘ilishi bayonnomalari belgilangan tartibda tanlov tashkilotchisida saqlanadi.

 

5. Tanlov g‘oliblarini e’lon qilish va

moliyalashtirish manbalari

 

5.1. Tanlov g‘oliblari va ularni taqdirlash haqida tanlov tashkilotchilari tomonidan tanlov tashkilotchisining rasmiy veb saytida va ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilinadi.

5.2. Tanlov g‘olibi deb e’lon qilingan loyihalarni moliyalashtirish Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi- mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

5.3. Tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan grant miqdori 50 000 000 (ellik million) so‘mni tashkil etadi.

5.4. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tanlov g‘oliblariga grant mablag‘larini ajratish to‘g‘risida jamg‘armaga buyurtmanoma yuboradi. Buyurtmanomaga tanlov g‘oliblarini aniqlash to‘g‘risidagi tanlov komissiyasining bayonnomasi hamda grant mablag‘larini o‘tkazish uchun tanlov g‘oliblarining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan ro‘yxat taqdim etiladi.

 

 

6. Yakunlovchi qoidalar

 

6.1. Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan materiallar uchinchi tomonlarning intellektual huquqlarini buzgan bo‘lsa, ushbu holat yuzasidan tanlov tashkilotchilari javobgar hisoblanmaydi.

6.2. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.