Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Avval xabar berganimizdek,  bugun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruv Akademiyasi hamkorligida “Ayollarning davlat xizmatidagi o‘rni: zamonaviy tendensiyalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022 yil 28 dekabrdagi “2030 yilga qadar o‘zbekiston respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2021-2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash haqida”gi SQ-682–IV-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
 
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlar xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, olimalar, faol xotin-qizlar ishtirok etishdi. 

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizda mustahkam qonuniy asoslar yaratildi. 
Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Oliy Majlis yuqori palatasi tomonidan tasdiqlangan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining amaliyotga samarali tatbiq etib kelinmoqda.
Davlat xizmati gender yondashuvi nuqtai nazaridan, ma’lum bir ijtimoiy-kasbiy muhitga ega bo‘lgan aniq ierarxik tizim bo‘lib, unda erkaklar va ayollar – davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatini shakllantirish, shakllantirish va takomillashtirish, ularning maqom-roli, qadriyatga yo‘naltirilganligi va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda yaratilgan meritokratiya tamoyiliga ko‘ra har qanday davlat xizmatchisi, jinsidan qat’i nazar, o‘z qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq lavozimda ko‘tarilishi mumkin.
Shu bilan birga Zamonaviy jamiyatni demokratlashtirish ayollarning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishini taqozo etmoqda. Bu borada ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda. 
Natijada, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetdi.
Davlat statistika qo‘mitasining 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi 28,2 foizni tashkil etmoqda. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyati (38,8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi 
(34 foiz), Farg‘ona viloyati (32,7 foiz) qayd etilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardir.
Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda 2,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni vaqtda ushbu ko‘rsatkich qariyb ikki baravarga oshib, 5,7 foizga yetgan.
Yurtimizda barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 
1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi. 
Bugungi kunda respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida jami 241 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 2 nafari rahbar (vazir, qo‘mita raisi), 9 nafari rahbar o‘rinbosari (vazir, rais va direktor o‘rinbosarlari), 14 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, 4 nafari tuman(shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosarlari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini yanada oshirish maqsadida “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi” ishlab chiqildi va ijroga qaratildi. Dastur doirasida turli sohalarda boshqaruvchilik salohiyatiga ega 25 055 nafar xotin-qizning kadrlar zaxirasi shakllantirildi. 
Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha alohida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kurslari tashkil etilib, har yili kamida 100 nafar xotin-qizlarni o‘qitib kelinmoqda. 
Shu bilan birga xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha “Rahbar ayolning bir kuni” tadbirlari, mahallalarda “Mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlar ulushi” mavzularida davra suhbatlari hamda uchrashuvlar haftaligi o‘tkazib kelinmoqda. 
Siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni lavozimlarga tavsiya etishga qaratilgan “ijtimoiy lift” tizimi yaratildi. Xususan, siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor rahbar xotin-qizlar saralanib, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Shu bilan birga xotin-qizlarning davlat xizmatidagi ishtirokini kengaytirish, xotin-qizlar uchun davlat xizmatiga kirish jozibadorligi va ish rejimi qulayligini oshirish, ayollarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, onalik ta’tilida bo‘lgan ayollarni kasbga, shuningdek, qayta o‘qitishni tashkil etish, oilaning farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyatini uyg‘unlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, xotin-qizlarning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishida mavjud gender stereotiplarining yo‘q qilishni davrni o‘zi taqozo etmoqda. 
Konferensiyada xotin-qizlarning davlat xizmatidagi o‘rni hamda davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda, dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda ishtirokini yanada kengaytirish, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Konferensiya ishtirokchilari davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda xotin-qizlarning ishtirokini yanada kengaytirish, xotin-qizlar uchun davlat xizmatiga kirish jozibadorligi va ish rejimi qulayligini oshirish borasidagi ishlar samaradorligini kuchaytirish, professional davlat apparatini shakllantirishda xotin-qizlarning o‘rni oshirish hamda davlat xizmatchisi bo‘lgan ayollarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarda ularning faolligini oshirish, ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida davlat organlari va tashkilotlarida lavozimda ko‘tarilish masalalari bo‘yicha teng imkoniyatlarni yaratish lozimligi haqida fikr-mulohazalar bildirib o‘tdilar. 
Konferensiya yakunlari bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.