Bugun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi O.Parpiboyeva tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda avgust oyida rejalashtirilgan vazifalarning bajarilish holati bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tahliliy va tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda murojaatlar bilan ishlash, mahalla xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish jarayonlarining borishi; xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash hamda ijtimoiy og‘ir ahvoldagi ayollar bilan yakka tartibda ishlash; joylarda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish; oilaviy nizolarni hal etishda yangicha yondashuvlarni qo‘llash kabi qator muhim masalalar muhokama etildi. Zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarmida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda hududiy bo‘linmalarga jami 31 435 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning katta qismi Qashqadaryo – 3912 ta (13%), Surxondaryo – 3149 ta (10%), Toshkent – 2583 ta (8%), Namangan – 2499 ta (9%) va Farg‘ona viloyati – 2406 ta (8%) ga to‘g‘ri keladi. Yig‘ilishda ushbu murojaatlarning mazmuni va ular bilan ishlanganlik holati muhokama qilindi.
Amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar, islohotlarga qaramay, joylarda oilaviy nizolar, ajralishlar soni kamayayotgani yo‘q. Nikohdan ajrashishlar soni o‘sib borish dinamikasini ko‘rsatmoqda. Ajralish yechim bo‘lmaganidek, uning ortida ayol va farzandlarining boshpanasiz qolishi, bolalarning nosog‘lom muhitda yashashi, aliment olish, ayolning o‘z joniga qasd qilishi, zo‘ravonlik kabi qator-qator muammolar yuzaga chiqib kelmoqda. Ushbu dolzarb muammolar bilan ishlashda barcha mas’ullarning faoliyatini qoniqarli deb baholab bo‘lmaydi.
Joylarda 9 445 nafar mahallalardagi xotin-kizlar faollarining psixologik bilimlarini shakllantirish, ularga fuqarolar bilan ishlashda nizoli vaziyatlarning oldini olish, bartaraf etish yo‘llarini o‘rgatish, nizoli, notinch oilalar bilan ishlash, ruhiy tushkunlikka tushgan shaxslarga tezkor yordam ko‘rsatish hamda o‘z joniga qasd qilish, ajrimlarning oldini olish kabi maxsus ko‘nikmalarini hosil qilish bo‘yicha malakasini oshirayapmiz. Ammo bular yetarli emas.
Qo‘mita raisi ta’kidlanganidek, “har bir xodim, har mahalladagi vakillarda mas’uliyatni, intizom va shaxsiy javobgarlikni qat’iy qoidaga aylantirish zarur”.
Yig‘ilishda kun tartibida belgilangan barcha masalalar batafsil muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.