Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

 

Bugun Davlat Rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda "Oqila ayollar" harakati tashkil etilganiga bir yil to‘ldi. 
 
Qadrli "Oqila ayollar" harakati a’zolari!

Avvalo, barchangizni bugungi kun bilan tabriklashga,siz orqali O‘zbekistonimizning jamiki ayollarini, shaharlardan tortib eng chekka qishlog‘u ovullarda yashayotgan mehnatkash aziz opa-singillarimizni qutlashga izn bergaysiz!

Yaxshi bilamizki, «Oqila ayollar» harakatini tuzish g‘oyasida muhtaram Prezidentimizning «Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi!» degan g‘oyani ilgari suruvchi, “jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish, barcha islohotlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshiramiz!” degan g‘oyalari mujassam.

Harakat a’zolari obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega, tom ma’noda «mahallaning vijdoni»ga aylangan, jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati, hayotiy tajriba va ta’siri bilan  oilaning mustahkamlanishiga, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibrat ko‘rsatmoqdalar.

"Oqila ayollar"  harakati 150 mingga yaqin xotin-qizlarni o‘z tarkibiga jamladi.

O‘tgan vaqt davomida  ushbu fidoyi ayollarimiz minglab oilalarni mustahkamladi,  yuzlab yurtdoshlarimizning oilalarida tinchlik chirog‘ini yoqdi. 

Guvohi bo‘lib turibmizki, bugungi globalizasiya davri ma’naviy qadriyatlarni asrab qolish  masalasida ham qat’iy talablarni qo‘ymoqda. 
Shu bilan birga, oilaviy va ma’naviy muhit, farzand tarbiyasi, ayniqsa yosh qizlarni kamol toptirish, oilalarni asrashning hozirgi holati yuzasidan qilingan tahlillar mazkur sohadagi islohotlarni to‘laqonli amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. 

Davr bugun oldimizga  xalqimizga yuksak darajada xizmat qilish, faoliyatimizdagi yondoshuvlarni yangilash vazifasini qo‘ymoqda. 
Jumladan, "Qaysi uslublar eskirgan? Nima qilsa, qanday ish olib borsa oilalar, aholi rozi bo‘ladi? Ishni qanday tashkil etsa oilalarda nizolar kamayadi? Qaysi zamonaviy yondoshuvlarni qo‘llasak ayol oilaviy zo‘ravonlikdan jabr chekmaydi, o‘z joniga qasd qilmaydi?" degan savollar o‘z javobini kutmoqda. 

Ayniqsa, yoshlarni oilaga tayyorlashda kamchiliklarimiz borligi, oilalardagi o‘zaro munosabatlarni moʻtadillashtirishga oid choralarimizning yetarli emasligi, 
oilaviy ajrimlarning soni ortayotgani va ajrim hollarida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani kabi muammolarimiz borligi, afsuski haqiqat. 

Qadrli harakat a’zolari! 
Davlatimiz rahbari har doim «Iloji boricha, ayollarimizning dardini, tashvishlarini sevinch yoshiga, g‘alaba yoshiga, muvaffaqiyat yoshiga, natija yoshiga aylantirishga hammamiz birgalikda harakat qilamiz." deb ta’kidlaydilar. 
Bizning ham vazifamiz va maqsadimiz Davlatimiz Rahbari aytgan maqsadlar bilan uyg‘undir.

O‘zbekistonimizda ma’rifiy hayotimizga kirib kelgan "Oqila ayollar" harakati ulkan jamoatchilik kuchi hisoblanadi. Ushbu harakatning  a’zolari bo‘lgan siz azizlarimiz  qadriyatlarimizni, ma’naviy merosimizni avlodlarga yetkazish borasidagi ezgu ishlari bilan yosh avlodimizning ma’rifatli, qadriyatlariga sodiq avlod bo‘lib kamol topishi, oilalarimizning mustahkam bo‘lishi yo‘lidagi harakatlaringizni yanada kuchaytirasiz, deb ishonch bildiramiz.

Bugungi kun barchangizga muborak bo‘lsin !