Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Joriy yilning 27 iyun kuni Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi majlislar zalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan  “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi o‘tkazildi.

 

Muhokamada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar boshqarma boshliqlari, shahar, tuman mutasaddilari ZOOM platformasi orqali ishtirok etishdi.


Majlisda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova mamlakatimizdagi Konstitutsion islohotlar olib borilayotganligi, unda xotin-qizlar masalasi, oilaviy munosabatlar borasidagi muhim normalar ko‘zda tutilayotganligi to‘g‘risida fikr bildirib o‘tdi. Va faol xotin-qizlar tomonidan Konstitutsiyaga bir qancha takliflar berilganligini ham ta'kidladi.
Ta'kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta'minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu esa Bosh qomusimizda "Yangi O‘zbekiston—ijtimoiy davlat" tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta'minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xodjayeva so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy konun loyihasi mazmun mohiyati haqida gapirib o‘tdi. 
Ta'kidlanganidek, Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 20 iyunь kuni Komissiya a'zolari bilan uchrashgani komissiya ishiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Fuqarolarimizdan kelgan takliflar hamda Davlatimiz rahbarining mazkur uchrashuvda ilgari surgan taklif va g‘oyalari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo "inson qadri uchun"degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bo‘lib:
Birinchidan, fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytiradi. Bunda:
-nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan turli cheklovlar o‘rnatish, shuningdek ularning ob'ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanmoqda;
-davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratishga hamda o‘zining hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora- tadbirlar ko‘rishi belgilanmokda;
- davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, davlat pensiyalarini, nafaqalarini va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlarini tayinlashi mustahkamlanmoqda;
- pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam iste'mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi aniq ko‘rsatilmoqda;
- homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ularning ish haqini kamaytirishning taqiqlanishi, bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiya bilan belgilanmoqda;
Ikkinchidan, kiritilayotgan tuzatishlar oila institutini mustahkamlashga qaratilgan. Bunda:
- nikoh ayollar hamda erkaklarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi;
- davlat oilani to‘laqonli rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga imtiyozlar hamda ijtimoiy kafolatlar berilishini ta'minlashi;
- bola manfaatlari, bolalarning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekanligi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.