Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59


Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 7 oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 21 871 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi.
Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 18 ming 526 tasi yoki 84,7 foizi oilalarda sodir etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamayishga erishilgan bo‘lsa-da, keyingi paytlarda sodir etilayotgan oilaviy zo‘ravonlikka oid holatlar bu boradagi ishlarni,  tegishli davlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish taqozo etmoqda. 
Himoya orderi berish natijasida 9 ming 362 ta oilani tiklashga, 11 ming 350 ta oilada nizolarni bartaraf etishga erishildi. 
Rasmiylashtirilgan 5 ming 495 ta himoya orderlari bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan zo‘ravonlik takroran sodir etilishining oldini olish hamda zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravon xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tkazish ishlari nazoratga olingan. 
Shu bilan birga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq 
va zo‘ravonliklarning oldini olishda asosiy e’tibor oilalar, ayniqsa muammoli oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu borada joylarda manzilli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning iyul-avgust oylarida O‘zbekiston psixologlari assosiatsiyasi bilan birgalikda 9442 nafar mahallalardagi xotin-qizlar faollariga oilalardagi nizoli vaziyatlarning oldini olish, xotin-qizlarga huquqiy psixologik yordamlar ko‘rsatish borasida psixologik bilimlarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra ta’sis etilgan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasining 437-sonli Qarori bilan tasdiqlandi. 
Ko‘krak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan namunali oilalar taqdirlanadi. 
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar mahallalardagi xotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalar bilan birgalikda shakllantiriladi. 
Nomzod oilalarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar “Ibratli oila” ko‘krak nishoni uchun nomzodlarni saralash Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyasi tomonidan har tomonlama o‘rganilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etiladi. 
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari, shuningdek, davlat va jamoat arboblaridan iborat tarkibda ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Doimiy komissiya tuziladi. 
Mazkur komissiya xulosasi asosida har yili 5 mayga qadar Oila va xotin-qo‘mitasi raisining ko‘krak nishoni bilan tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘i rasmiylashtiriladi. 
Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi mukofotlangan oilalarga 15 may Xalqaro oila kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi. 
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan ibratli oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi. 
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 650-sonli qaroriga muvofiq, joriy yilning o‘tgan davrida mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida grant tanlovi o‘tkazildi.
Respublika komissiyasi tomonidan 118 ta mahallada  markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan taklif etilgan loyihalar ko‘rib chiqilib, eng yaxshi deb topilgan 66 ta loyiha uchun jami 3 mlrd. 186 mln.so‘m davlat granti ajratildi. Taklif etilgan loyihalarga muvofiq 1 062 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!