Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59


Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli opa-singillar, munis onaxonlar, dilbar qizlarimiz!
Bugun yurtimizning barcha go‘shalari, mahallalar, mehnat jamoalarida an’anaviy “Xon atlas” festivali bo‘lib o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali guvohi bo‘lib turdik – ushbu tadbirga hech kim befarq bo‘lmadi, deyarli barcha vazirlik va idoralar,  mehnat jamoalari, mahallalar faol ishtirok etdi. Ayniqsa, oliy ta’lim, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarining juda faollik ko‘rsatgani bizni bag‘oyat quvontirdi.  
Xalqimizning milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini asrab-avaylash, qizlarimiz qalbiga milliy liboslar iftixorini singdirish, ezgu urf-odat va an’analarimizga hurmat va sadoqat, milliy liboslarning go‘zalligi va jozibasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirlardagi faol ishtirokingizni milliy qadriyatlarga nisbatan ulug‘ muhabbatingiz timsoli sifatida  qabul qildik. Va barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiramiz! 
Momolarimiz tomonidan asrlar osha qadrlanib, e’zozlanib kelingan o‘ziga xos sharqona zebu ziynatimizni ko‘rsatib bera oladigan timsol - milliy matolarimiz — adras, atlasimizning qiymati hozir ham bebaho! Necha zamonlarki, moda-uslub turlari almashsa ham, atlas va adras har bir zamonaviy uslub bilan uyg‘unlasha oladi. Shu bois uning nufuzi ortib, talabgir mato sifatida xalqaro moda olamida ham qadr topayotganini e’tirof etish joiz. 
Bugun Siz moʻtabar sharq ayollarining egnida o‘zgacha tovlanib, chiroy ochib turgan bu liboslar nihoyatda yarashib, husningiz, go‘zalligingizga o‘zgacha nazokat bag‘ishlaganini ko‘rib ko‘zimiz behad quvondi. 
Aziz opa-singillar, qadrli qizlar! 
Oilalarda milliy an’analarimizga hurmat muhitini yaratish, yoshlarimizda o‘zligi, milliy qadriyatlari, milliy liboslariga nisbatan g‘urur va iftixor tuyg‘usini yuksaltirishda Siz – millat  tarbiyachilarining o‘rni beqiyos! 
Shunday ekan, umid qilamizki, bugun o‘tkazilgan tadbirlar bir kunlik bo‘lib qolmasdan,  balki kundalik hayotimizning muhim ahamiyatli qismiga aylanadi. 


Hurmat bilan, 
Ozoda Parpiboyeva, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi