Til– millatning ruhi, madaniy va ma’naviy boyligi. Xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi hamda tarixi ona tilida aks etadi.
1989-yil 21- oktyabr kuni O‘zbek tiliga - Davlat tili maqomi berildi. Vatanimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan davlat tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.
Til millatning ulkan boyligi va bebaho mulkidir. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbek tili o‘zbek xalqining ma’naviy mulkidir.
Til- insonlar o‘rtasida muloqot vazifasini bajaradi. Har bir millat tarixi, qadriyatlarini aks ettiradigan til milliy tildir. Til har bir xalq hayoti bilan bog‘liq holda taraqqiy qiladi, boyiydi, sayqallanadi, jamiyatda qadr topadi. Shuning uchun u ijtimoiy hodisa.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"ga asosan har oyning
17-sanasida Respublika miqyosida “Kitobxon onalar” kunini o‘tkazmoqda.
Joriy yilning 17-oktyabr kuni “Kitobxon onalar” tadbiri "Ona tilim jarangi olam uzra taralgay" mavzusida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida Sayyora Shoyevaning “Bugungi qishloq ayollarining hikoyalari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ullari davlat tilining davlat va jamiyat hayotidagi, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirdilar. Shuningdek, taqdimot qilingan yangi kitob haqida juda iliq taassurotlar bildirildi. Tadbirga ZOOM platformasi orqali Respublikaning barcha hududlaridan onaxonlar bog‘lanib, o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ayollarni kitobga bo‘lgan qiziqishi, kundan kunga Millatimizning marifatparvar ayollari ko‘payib borayotgani - yoshlarimizni ilm orqali kamolga yetishi, millat kelajaki buyukligidan dalolatdir.
Bugungi tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ullari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoiralar faol xotin-qizlar, uy bekalari, ishtirok etishdi.