ELTUZ telegram kanali orqali e’lon qilingan material yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Bu borada mustahkam huquqiy baza shakllantirilgan. Birgina O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitusiyasining 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq imkoniyatlarini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.
Mamlakatimizda yaratilgan meritokratiya tamoyiliga ko‘ra, har qanday davlat xizmatchisi, jinsidan qat’i nazar, o‘z qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq lavozim egallashi mumkin. Xususan, bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali hujjat topshirganlarning 311 ming nafarini xotin-qizlar bo‘lib, tanlovlar natijasiga ko‘ra, davlat xizmatiga qabul qilingan xotin-qizlar ulushi 33 foizni tashkil etmoqda.
Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda 2,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni vaqtda ushbu ko‘rsatkich qariyb ikki baravarga oshib, 5,7 foizga yetgan.
Mamlakatimizda 2000 mingdan ortiq xotin-qizlar turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqdalar.
Respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida 241 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 2 nafari rahbar (vazir, qo‘mita raisi), 9 nafari rahbar o‘rinbosari (vazir, rais va direktor o‘rinbosarlari), 14 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, 5 nafari tuman(shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosarlari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Yurtimizda faol, tashabbuskor xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish tizimi yaratildi.Zaxiraga olingan ayollar soni 2016 yilda
3 mingdan ziyod nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich bugungi kunda 25 mingdan oshdi.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, o‘rinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari hamda tuman (shahar) hokimlari lavozimlari uchun
57 nafar, vazirlik va idoralarning rahbar o‘rinbosari lavozimlari uchun 17 nafar xotin-qizlar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan.
Rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida alohida “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, har yili zaxiraga olingan xotin-qizlar orasidan 100 nafari o‘qitib kelinmoqda. Bugungi kunda mazkur kursni muvafaqqiyatli tamomlagan 10 nafar xotin-qizalr turli rahbarlik lavozimlariga tayinlangan va bu ko‘rsatkich tobora oshib bormoqda. Shu bilan birga “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarni ilg‘or xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo'mitasi Matubot xizmati