Xabar berganimizdek, Qozog‘iston Respublikasining Olmota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari ayollarining muloqoti doirasidagi “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” konferensiyasida mamlakatimiz Senat a’zosi Gulnora Marufova hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ishtirok etdi.
Yalpi sessiya tarzida o‘tgan tadbirlarda ishtirokchilar qurolli mojarolar va gumanitar ofatlarda xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash, gender zo‘ravonlikdan himoyalash masalalariga e’tibor qaratdilar.
Eng avvalo yurtimizda xotin-qizlarni turli tazyiqlardan himoyalash, ularning jamiyatda teng huquqli yashashi va faol bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, qonun normalariga o‘zgartirishlar kiritilib, xalqaro standartlarga moslashtirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘z maqsadlariga erishish va o‘z majburiyatlarini amalga oshirishi yuzasidan qator takliflar ham bildirildi.
Konferensiyada keng qamrovli muloqot va mintaqaviy hamkorlik mavjud qarama-qarshiliklarga uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqish, BMT Nizomiga muvofiq ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, madaniy hamjamiyat va ezgulik ruhida mintaqada barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng yaxshi yo‘li ekanligi e’tirof etildi.