Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59
2023-10-31 Press-reliz 434

Joriy yilning 31 oktyabr kuni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa qator hamkor tashkilotlar tomonidan “Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni”     mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar ta’limiga ustuvor yondashish,  ularni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ezgu tashabbuslari, innovasion g‘oyalari, tadqiqot ishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga  muhim e’tibor qaratilmoqda. 
Hayotning barcha jabhalarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish - Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining ustuvor vazifalaridan biridir.
Davlatimiz Rahbarining tashabbusi va doimiy qo‘llab-quvvatlashlari bilan xotin-qizlarning ta’lim sohasi va ilm-fandagi o‘rnini kengaytirish, kelajakda ularni ilmiy tadqiqot va innovasion faoliyatga yanada keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
 “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Xususan,
– davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi va bunga har yili kamida davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
-  OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi joriy etildi.
-  Ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan xotin-qizlarga oliy ta’lim  olish  uchun ko‘maklashish maqsadida 2020 yildan boshlab, kam ta’minlangan oilalardagi Qo‘mita tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratilib, qariyb 7 mingga yaqin qizlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qiz har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat OTMlariga test sinovlari natijalariga muvofiq o‘qishga qabul qilinishi belgilanib, shu kunga qadar ko‘ra 900 nafarga yaqin qizlar oliy ta’lim muassasalariga to‘lov kontrakt asosida talabalikka qabul qilindi.
Muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’limdagi kontrakt-to‘lovlari qoplab berilmoqda. 2021-2022 yillar davomida shunday vaziyatdagi 4 ming nafarga yaqin talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi qoplab berildi.
- davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga faqat xotin-qizlar uchun 2022 yildan boshlab, 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilmoqda.
Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023 yil 29 sentyabrdagi Qarori bilan 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida o‘qishi belgilandi.
Bu kabi yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar qizlarimizda ta’lim olishga, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ishtiyoq va maqsadni yanada   oshirishga xizmat qilmoqda. 
Yana bir muhim holat - “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilingani, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi islohotlarning jadal tus olgani, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida erishilgan amaliy samaralar mamlakatimiz xotin-qizlarini ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishga yana bir asos bo‘lmoqda. 
Bugun mamlakatimiz olimalari Axborot texnologiyalari,  kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda, ayniqsa faol izlanmoqdalar. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivojida xotin-qizlarimizning ishtiroki salmoqli o‘rin tutadi.
Ayni paytda, mamlakatimizda 5 nafar akademik ayollarimiz bop, ilm-fan sohasida 5 mingga yaqin olimalar, oliy o‘quv yurtlarida esa 14 mingdan ziyod xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatmoqda, ta’lim muassasalarida esa 4 mln.ga yaqin xotin-qizlar tahsil olmoqda.
Ayniqsa, joriy o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning 48 foizdan ortig‘ini qizlar tashkil etgani barchamizni quvontiradi. 
“Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni”     mavzusida o‘tkazilgan xalqaro forum mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlarning muayyan sarhisobi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 
“XXI asr ayoli” festivali shubhasiz,  olima ayollar va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda, ularning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga dadil intilishlarida rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. 
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 216-bandida “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivalini o‘tkazish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivalini respublika va hududlar miqyosida tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida 2023-yil 31-iyulda 34-son majlisi bayoni ijro uchun yo‘naltirildi.
Joriy yil sentyabr–oktyabr oylari davomida mamlakatimizda olima ayollar va ilmiy izlanishlarni olib borayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar ishtirokida forum, seminar, uchrashuv va davra suxbatlari hamda ta’lim muassasalari va mahallalarda ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimalar, ma’rifatparvar ayollar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, xorijiy kompaniyalarda samarali faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va yirik tadbirkor ayollar, davlat mukofotlari va Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida “Ilm saodat kaliti”,”Bitta qiz bolani o‘qitsangiz – butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, “Ayol ilmli bo‘lsa, kelajak avlod bilimli bo‘ladi” mavzularida qariyb 4,5 mingga yaqin maktablarda davra suhbatlari tashkil qilinib, 52 ming nafardan ziyod o‘quvchi qizlar qamrab olindi.
Baxtli oila formulasiga oid fikrlar majmuasi va hayotiy tajribalarni baxtiyor oila timsolida yetkazish maqsadida rahbar ayollar hamda ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan xotin-qizlarni umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarida o‘quvchi qizlari bilan 1 612 ta uchrashuvlari o‘tkazildi. Sentyabr oyi davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 80 645 nafar o‘quvchi qizlar qatnashdilar.
  208 ta tuman (shahar)larda oktyabr oyida bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlar uchun kasb-hunarga yo‘naltirish va “Tadbirkorlik saboqlari” bo‘yicha 208 ta o‘quv seminarlari tashkil etildi va 6875 nafar xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Ilmli ayol - jamiyat ko‘zgusi”, “Yurt taraqqiyotiga mening hissam”, “Mening birinchi yutug‘im” mavzularida 3 100 dan ziyod fleshmob va chellenjlar tashkil etildi.
 Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharida 16-20 oktyabr kunlari “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Festival doirasida 14 ta forum, 27 ta seminar, 39 ta davra suhbati, 41 ta uchrashuvlar o‘tkazildi va ushbu tadbirlarda 21 349 nafar xotin-qizlar ishtirok etishdi. “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi hamda ko‘rik tanlovini g‘oliblarni taqdirlash marosimlarini bo‘lib o‘tdi. 
Festivalning   respublika bosqichida 5 ta seminar, 7 ta davra suhbati, 8 ta uchrashuvlar, innovatsion loyiha va ixtirolarning ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi. Bugun tashkil qilingan xalqaro forum  xam festival   doirasida o‘tkazilmoqda. 
Forumda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda xotin-qizlarning o‘rni, olima ayollarning bugungi kundagi faoliyati va ijobiy tajribalari, ularning jamiyat hayotidagi va qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdagi faolligini oshirish kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Tadbirda qator vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy tashkilotlarning rahbarlari, poytaxt oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati