Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva "Sabr" ishonch markazi rahbari Mavluda Shirinova bilan birgalikda bugun Yangihayot tumani “Xushnud” mahallasida farovonlik va obodlik sari xayrli qadam sifatida o‘tkazilayotgan “Yashil makon” tadbirlarida ishtirok etdi.
Qo‘mita raisi mahalla faollari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari bilan suhbatda “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlash, ushbu jarayonda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, ekilgan daraxt ko‘chatlarini parvarishlash, ularga doimiy ishlov berib turish bo‘yicha mas’ullar, ko‘chaboshilar hamda xonadon egalariga ko‘rsatmalar berildi.
Ayniqsa, mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi kafolati bo‘lgan nuroniy onaxonlarning hayotiy tajribasi, duo va tilaklari xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelayotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining xalqimizga murojaatida ta’kidlanganidek: “Tabiat ham ona kabi muqaddasdir! Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohangdir. Onani qanday e’zozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!
Toki, zurriyodlarimiz ota-bobolarimiz singari bog‘u bo‘stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.
Ayni vaqtda, “Onalar – yashil makon uchun” g‘oyasining an’anaga aylanib borayotgani, mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etilayotgani quvonarlidir. Bu ishlarda 10 mingga yaqin mahalladagi “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o‘rni bor. Galdagi vazifamiz – ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng yoyishdan iborat”.