O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva:
“Markaziy Osiyo ayollari iqtisodiy hamkorligini yanada kuchaytiraylik”
Markaziy Osiyodagi xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish, tadbirkorligini rivojlantirish, eng zamonaviy sohalarda bandligini ta’minlash borasida xalqaro hamkorlik xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Buning uchun bizning mamlakatimizda xotin-qizlarga juda katta imtiyozlar berilgan, keng imkoniyat va sharoitlar yaratilgan, barcha manbalar yo‘naltirilgan.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy tajribamiz nafaqat o‘zining natijadorligi bilan ajralib turadi, balki uning afzalliklari mintaqaviy va xalqaro darajada tan olinmoqda va davlatlar uchun o‘rnak bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning juda ko‘p yo‘nalishlardagi pozisiyasi qator xalqaro reytinglarda bosqichma-bosqich yaxshilanib bormoqda. O‘zbekiston 2022-yildagi Global innovasion indeksida 4 pog‘ona yuqorilab, 82-o‘rinni (2021-yilda 86-o‘rin) egalladi va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
O‘zbekiston milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMTning tavsiyalariga mos darajaga yetib, mamlakat parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha “Siyosatdagi ayollar” reytingida dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 51-o‘rinda bormoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston Ochiq gender ma’lumotlar indeksida 69,7 ball to‘plagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yilda shakllantirilgan SDG index hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 166 ta mamlakat orasida 71,1 indeks bilan reytingidagi mavqei 8 pog‘onaga ko‘tarilib 69-o‘rinni egalladi.
2023 yil 9 noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida o‘zaro savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tashkilot nufuzini yanada oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘tarish, investision muhitni yaxshilash, erkin savdo shart-sharoitlarni yaratish, turizmni rivojlantirish, integratsiyalashuv va logistika tarmoqlaridan foydalanishni erkinlashtirish, ekologiya sohasida hamkorlik yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi.
24 noyabr kuni Boku shahrida o‘tkazilgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida esa, O‘zbekiston Prezidenti BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz ushbu kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPEKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbuslardan maqsad – Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ular uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va farovonligini oshirishdir.