Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan 2018-yilda ta’sis etilgan “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni mukofot jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga berib kelinmoqda. Shu kunga qadar mazkur ko‘krak nishoni bilan 1451 nafar xotin-qizlar taqdirlangan edi. Bugun Oila va xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan Davlat boshqaruvi Akademiyasida “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishonini topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda yurtimizning turli sohalarida faoliyat olib borayotgan o’z kasbinining fidoyi ayollari yillar davomida yurt, jamiyat ravnaqi uchun bor kuch, bilim va salohiyatini safarbar etgan haqiqiy o’zbek ayollari taqdirlanishdi. Ma’lumot uchun joriy yilda ham mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun Respublika komissiyasiga 900 ga yaqin hujjatlar kelib tushdi. Komissiya a’zolari tomonidan mazkur ko‘krak nishoni bilan turli sohalarda yetakchi, matonatli, fidoyi va e’tirof nomiga munosib moʻtabar ayollardan 305 nafari taqdirlandi. Eslatib o’tamiz ko‘krak nishoni bilan mukofotlanganlarga eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti topshiriladi. Tadbirda Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar gender tengligi masalalari qo'mitasi raisi Malika Kadirxanova hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova ishtirok etib, barcha o'zbek ayollari, onalarini yaqinlashib kelayotgan bayram bilan muborakbod etishdi.