Bugun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova Xalqaro Migratsiya Tashkiloti Mintaqaviy mehnat mobilligi va gumanitar rivojlantirish bo‘yicha mas’ul Jason Theede boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Rais o‘rinbosari M.Nurmatova tomonidan mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini, ta’lim, ilm-fan sohasidagi faoliyatini rivojlantirish va rag‘batlantirish borasidagi islohotlarning amaliy natijalari haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini hamda Davlatimiz Rahbarining mamlakat miqyosida migratsiya masalalariga ustuvor ahamiyat berayotgani, xalqaro migratsiya muammolari bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlangan mintaqaviy va global tashabbuslarda faol ishtiroki hamda qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etdilar.
Shuningdek, mamlakatimizda ayollarning boshqaruv sohalaridagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 49 foizga, oliy ta’limda 50 foizga yetgani, saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi ayol kishi bo‘lishi zarurligi mustahkamlab qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda xorijda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning muammolarini manzilli o‘rganish, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoyalash, amaliy yordamlar ko‘rsatish, muayyan sabab bilan qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni mamlakatga qaytarib, ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati muhokama qilinib, kelgusidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.
Mehnat migrantlarini xorijga ketishidan oldin tayyorlash, xotin-qizlarga tegishli xorijiy tillarni o‘rgatish, kasbga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rni topib berish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish – o‘z mablag‘larini qanday ko‘paytirish va boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha sayyor qabullar tashkil etish bo‘yicha ustuvor ahamiyat qaratish bo‘yicha fikr-mulohazalar muhokama qilindi.