Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida 2024 yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning boy salohiyatidan foydalanish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ular o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishida tajriba almashish maqsadida Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Ushbu umumiy tashabbus sifatidagi taklifning amaliy natijasi o‘laroq, 2024 yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida birinchi Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkaziladi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad - mintaqada xotin-qizlarning imkoniyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, hozirgi zamonda davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini mustahkamlash masalalarida tajriba almashish uchun o‘ziga xos muloqot maydonini yaratishdan iborat.
Forumda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari a’zolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayollar ishbilarmon doiralari vakillari, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etadilar.
Forumda 10 ta parallel sessiya doirasida quyidagilar muhokama qilinadi:
Pekin platformasi +30: hozirgi global iqtisodiyotda xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari va bu boradagi tahdidlar;
Xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni jadallashtirish Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning kaliti;
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish: ularning biznes va jamiyatdagi ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentning roli;
Xotin-qizlarning sifatli ta’lim, ilm-fan, raqamli texnologiyalardan foydalanishini ta’minlash va innovasion faoliyatdagi ishtirokini kengaytirishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash;
Gender tenglikni moliyalashtirish: ayollar va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish kambag‘allikni qisqartirish hamda mintaqa iqtisodiyotini rivojlanishning muhim omili sifatida;
Genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish va moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish;
Osiyo qit’asidagi hozirgi demografik vaziyat va uning inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ta’siri;
Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berishning mintaqaviy jihatlari;
Ekologiyani himoya qilish va asrash, “yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish hamda iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga ta’siri;
Mintaqadagi nodavlat notijorat tashkilotlarining xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi ilg‘or tajribalari, amaliyoti va innovasion yondashuvlari.
Forumda ishtirok etish uchun xalqaro va mahalliy ekspertlar, jurnalistlar hamda boshqa manfaatdor tomonlar taklif etiladi.
Forumning asosiy tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi. Forumning xalqaro hamkori – “BMT-ayollar” tuzilmasi.