Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish uchun arizalar qabul qilish boshlanganligini maʼlum qiladi!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar “Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida” 2022-yil 9-iyundagi 322-son Qarori bilan tasdiqlangan “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
- o‘rta maxsus yoki professional taʼlim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);
- o‘rta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi (o‘rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo‘yicha tugatgan bo‘lsa, shu mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak).
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional taʼlim muassasalarini tamomlagan talabgorlar joriy yilning 1 iyuniga qadar tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlari huzuridagi Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat qiladi. Tavsiyanoma olish uchun xotin-qizlarning arizalari ularning pasport (ID karta) va boshqa ma’lumotlari asosida xotin-qizlar.uz platformasida elektron shaklda shakllantiriladi.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda 1-7 iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.
Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish to‘g‘risida 7-10 iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
Har yili 10-iyundan 14-iyunga qadar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar ko‘rib chiqilib, Qo‘mita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.
15-iyunga qadar tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi.
ESLATMA:
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy taʼlim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar haqidagi maʼlumotlar ularning ish faoliyatiga mos bo‘lgan yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus dasturiga kiritiladi;
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi;
kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan kvotalar asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida tanlovga ko‘ra to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
2022-hamda 2023-yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy taʼlim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2024-yilda ham amal qiladi.