Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan ayollarga turli imtiyozlar, imkoniyatlar berib kelinmoqda. Xususan, ayollarni ijtimoiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida pensiya taʼminotida ham imtiyozlar bor. Qonunchilikda ayollar umumiy belgilangan pensiya yoshi (55 yosh) ni 1 yilga qisqartirilgan holda pensiyaga chiqish imtiyozi berilgan. Xoʻsh bu imtiyoz ayollarga qachon beriladi?

Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun ayollarda toʻliq 20 yil ish staji boʻlishi talab etiladi. Bunda ayollar “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasida belgilangan quyida keltirilgan 4 ta band asosidagi faoliyati davomiyligi 20 yilni tashkil etganida 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻladi:

      1) mulk va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish;
      2) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qoʻshilmalarida boʻlish, davlat xavfsizligi organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
      3) idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, harbiylashtirilgan qoʻriqlashdagi, maxsus aloqa organlari va togʻ-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
      4) yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan shaxsiy yordamchi xoʻjalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xoʻjaligidagi faoliyat bilan shugʻullangan taqdirda imtiyozli pensiyaga chiqishi mumkin.

 Qanday holatda ayol kishida 54 yoshdan pensiyaga chiqish huquqi boʻlmaydi?
      
Misol uchun, fuqaro 25 yil ish staji bilan 54 yoshdan yoshga doir pensiya tayinlashni soʻrab Pensiya jamgʻarmasiga murojaat qildi.
Lekin fuqaro 3 ta farzandi uchun ushbu koʻrsatib oʻtilgan davrda 6 yil parvarishlash (dekret) davrida boʻlgan.
Demak, fuqaroning haqiqiy ish staji 19 yilni tashkil etadi va 54 yoshdan yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlmaydi.
Ushbu holatda ayollarga 55 yoshdan pensiya tayinlanadi.