“Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-175-son, 10.05.2024-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy etiladi.
2024-yil 1-iyundan:
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida roʻyxatga olinadi;
tazyiq va zoʻravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
➖xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zoʻravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat oʻtkaziladi;
➖profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
➖tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul boʻlimlariga joylashtiriladi;
➖rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.